Annotatsiya
Annotatsiya. Avtotransport vositalarini siqilgan bioetanol spirti bilan ishlatish evaziga yonilg‘ining sarfini va ishlangan gazlarning zaharliligini kamaytirish ustida ilmiy- tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Sinovlarning natijalariga ko‘ra “Kobalt” avtomobili dvigateliga kirayotgan havo oqimiga siqilgan bioetanolni qo‘shib ishlatilishida odatiy benzin, metan va propanlarning havo aralashmalari bilan ishlatilishiga nisbatan tezlanish ko‘rsatkichi 0,04-0,12 sek (0,34-1,02 %)ga ortib, yomonlashgan bo‘lsada, boshqa ko‘rsatkichlar- yonilg‘i sarfi o‘rtacha 1,53 marta, ishlangan gazlarning tarkibidagi uglerod oksidi CO miqdori 1,69 marta va yonmagan uglevodorodlar CH miqdori 1,75 marta kamayganligi uchun keyingi izlanishlar uchun tanlab olindi.
Kirish. Respublikamizda avtomobillardan chiqayotgan ishlangan gazlar tarkibidagi zaharli birikmalarning miqdorini kamaytirish siyosati doirasida bir necha strategik yo‘nalishlar belgilangan. Jumladan, Yevro standartlariga mos bo‘lmagan transport vositalarining markaziy shahar hududlarida harakatlanishi asta‑sekin cheklanishi ko‘zda tutilgan va bu orqali atmosfera havosiga belgilangan zaharli moddalar miqdorini sezilarli darajada pasaytiriladi. Respublikamizda foydalanishda bo‘lgan avtomobillardan atmosfera havosiga chiqayotgan ishlangan gazlar tarkibidagi zaharli birikmalar miqdorini kamaytirish bo‘yicha ilmiy tadqiqot ishlarini olib borish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-fevral “O‘zbekiston-2030” strategiyasi PF-37-son Farmoni [1]; O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 7-iyuldagi “Issiqxona gazlarining chiqarilishini cheklash to‘g‘risida”gi 1073-son Qonuni [2], O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 29-martdagi “Atmosfera havosiga transport vositalarining salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 166–son qarori [3] hamda 2025-yil 30-yanvardagi PF-16-son “O‘zbekiston - 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi” to‘g‘risida farmoni, 2025-yil 15-maydagi PQ-184-son “2030 yilgacha bo‘lgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida” qarori, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 24-noyabrdagi “Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-229-son farmoni va boshqa qabul qilgan hujjatlarida respublikamizda ekologik muammolarni oldini olish va yechish uchun xorijiy va mahalliy olim va ekspertlarni jalb etgan holda zamonaviy va samarali usullarni ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish vazifalari belgilangan bo‘lib mazkur faoliyatga tegishli boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlarda belgilangan vazifalarni amalga oshirish zarur bo‘ladi [4].