Annotatsiya
Annotatsiya: Mazkur maqolada axborot xavfsizligini ta’minlashda kriptografik algoritmlarning o‘rni, ularning samaradorligi va qo‘llanish sohalari ilmiy jihatdan tahlil qilinadi. Simmetrik va assimmetrik shifrlash usullari, xesh-funksiyalar hamda zamonaviy kriptografik protokollarning afzallik va kamchiliklari chuqur o‘rganiladi. Shuningdek, kiberxavfsizlik tahdidlari sharoitida kriptografiyaning dolzarbligi, uning amaliy qo‘llanilishi va rivojlanish istiqbollari yoritiladi.
Kirish. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining jadal rivojlanishi global axborot makonining kengayishiga olib keldi. Raqamli iqtisodiyot, elektron hukumat, bulutli texnologiyalar va IoT (Internet of Things) tizimlarining keng joriy etilishi axborot xavfsizligi masalalarini yanada dolzarb qilib qo‘ymoqda.
Bugungi kunda kiberjinoyatchilik ko‘lami kengayib, ma’lumotlar o‘g‘irlanishi, ruxsatsiz kirish va zararli dasturlar orqali tizimlarga zarar yetkazish holatlari ortib bormoqda. Shu sababli axborotlarni himoya qilishda kriptografik usullar asosiy vositalardan biri sifatida qaralmoqda. Kriptografiya nafaqat ma’lumotlarni shifrlash, balki ularning yaxlitligini saqlash, foydalanuvchilarni autentifikatsiya qilish va uzatilayotgan axborotning ishonchliligini ta’minlash imkonini beradi.
Kriptografik algoritmlar – bu ma’lumotlarni himoyalash uchun matematik va mantiqiy usullarga asoslangan mexanizmlardir. Ular quyidagi asosiy turlarga ajratiladi:
Simmetrik kriptografik algoritmlar: Simmetrik algoritmlarda shifrlash va deshifrlash uchun bir xil kalit ishlatiladi. Ushbu algoritmlar tez ishlashi va katta hajmdagi ma’lumotlarni samarali qayta ishlashi bilan ajralib turadi.
Misollar: AES (Advanced Encryption Standard), DES, 3DES. AES algoritmi bugungi kunda xalqaro standart sifatida qabul qilingan bo‘lib, 128, 192 va 256 bitli kalit uzunliklariga ega [1].