Annotatsiya

Annotatsiya. Maqolada axborot-telekommunikatsiya tizimlarida past intensivli taqsimlangan xizmatdan voz kechish (LR-DDoS) hujumlarini aniqlash masalasi ko‘rib chiqiladi. Mavzuning dolzarbligi shundaki, mavjud usullar asosan yuqori intensivli hujumlarga yo‘naltirilgan bo‘lib, LR-DDoS trafikining qonuniy foydalanuvchi xatti-harakatiga o‘xshashligi ularni aniqlashni murakkablashtiradi. Tadqiqot maqsadi – yuqori aniqlik va past yolg‘on ijobiy darajani ta’minlovchi gibrid model ishlab chiqishdir. Taklif etilgan ikki bosqichli model statistik-entropik tahlil va stacking-ansambl mashinaviy o‘qitish usullarini birlashtiradi. Metodika belgilarni tanlash, o‘qitish, optimallashtirish va baholash bosqichlarini o‘z ichiga oladi. Tajribalar CIC-DDoS2019, CIC-IDS2017 hamda laboratoriya trafiklari asosida o‘tkazildi. Natijalar yuqori samaradorlikni ko‘rsatdi.

Kirish. Zamonaviy raqamli iqtisodiyot sharoitida axborot-telekommunikatsiya tizimlari (ATT) davlat boshqaruvi, moliya-bank xizmatlari, sog‘liqni saqlash, ta’lim, transport va energetika sohalarining uzluksiz faoliyatini ta’minlovchi asosiy infratuzilma hisoblanadi. Jamiyatning ushbu tizimlarga bog‘liqligi ortib borishi natijasida ularning ishonchliligi va xavfsizligiga qo‘yiladigan talablar ham yildan-yilga keskin oshib bormoqda. Shu bilan birga, kiberhujumlarning soni, murakkabligi va zarar keltirish darajasi ham jadal sur’atlarda ortmoqda. Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, jahon bo‘yicha kiberxavfsizlik buzilishlaridan ko‘riladigan iqtisodiy zarar 2026-yilda 10 trillion AQSh dollaridan oshishi prognoz qilinmoqda, bu ko‘rsatkichning sezilarli qismi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xizmatdan voz kechish hujumlari bilan bog‘liqdir.

Taqsimlangan xizmatdan voz kechish (Distributed Denial of Service, DDoS) hujumlari – bu ko‘p sonli zararlangan qurilmalar (botnet) yordamida nishon tizim resurslarini qasddan tugatishga qaratilgan kiberhujum turidir [1, 2]. An’anaviy DDoS hujumlari odatda yuqori hajmli trafik generatsiya qilish orqali amalga oshiriladi: masalan, UDP flood, SYN flood, ICMP flood va kuchaytirish (amplification) hujumlari. Bunday hujumlarni aniqlash uchun paketlar oqimining keskin o‘sishi, band kengligining to‘liq egallanishi, manba IP-manzillarning anomal xilma-xilligi kabi belgilardan foydalaniladi. Ushbu belgilar bevosita kuzatiladi, shu sababli an’anaviy imzoga asoslangan aniqlash tizimlari (Snort, Suricata, Zeek) va chegaraviy statistik tahlil vositalari yuqori intensivli hujumlarni aniqlashda yetarlicha samarali hisoblanadi.

#Kalit so‘zlar: Axborot xavfsizligi #DDoS #past intensivli hujum #LR-DDoS #Slowloris #Shrew #trafik tahlili #Shannon entropiyasi #mashinaviy o‘qitish #stacking-ansambl #anomaliyani aniqlash #kiberxavfsizlik.