Annotatsiya

Annotatsiya. Ushbu maqolada qishloq uylarining issiqlik ta’minoti uchun quyosh energiyasi va an’anaviy yoqilg‘i asosida ishlab chiqilgan kombinatsiyalashgan issiqlik ta’minoti tizimi (ITT)ning tuzilishi, ishlash prinsipi va samaradorligi tadqiq etildi. Tadqiqotda issiq suv ta’minoti va isitish tizimlarining o‘zaro integratsiyasi ko‘rib chiqildi. Kombinatsiyalashgan tizim quyosh kollektorlaridan olingan energiyani akkumulyatsiya qilish imkoniyatiga ega bo‘lib, issiqlik yuklamasini qoplash darajasini oshiradi. Tajriba tadqiqotlari 2020 yil mart – 2021 yil fevral oylarida Pop tumani iqlim sharoitida olib borildi. Olingan natijalarga ko‘ra, quyosh kollektorlarining qoplash koeffitsiyenti 0,15–1,4 oralig‘ida qayd etildi. Isitish mavsumida tashqi havo -6…17 °C bo‘lganda ichki harorat 18–24 °C oralig‘ida ushlab turildi. Shu bilan birga, uyning issiq suv va isitish ehtiyojlarining muhim qismi quyosh energiyasi yordamida ta’minlandi. An’anaviy yoqilg‘i sarfi 33–70% gacha, elektr energiyasi sarfi esa 66–86% gacha tejab qolindi. Natijada, qishloq uylarida energiya mustaqilligini oshirish va resurslardan samarali foydalanish imkoniyati yaratildi.

Kirish. So‘nggi yillarda dunyo miqyosida energiya resurslarini tejash, muqobil manbalardan foydalanish va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari dolzarb muammolardan biriga aylandi. Aholi sonining ortishi, uy-joy fondining kengayishi va turmush darajasining oshishi bilan bir qatorda, issiqlik energiyasiga bo‘lgan talab ham sezilarli darajada ko‘paymoqda. An’anaviy energiya resurslari – tabiiy gaz, ko‘mir, mazut kabi yoqilg‘ilar esa zaxiralari cheklanganligi va ularning narxi yil sayin oshib borishi sababli, uzoq muddatli istiqbolda barqaror energiya ta’minotini kafolatlab bera olmaydi.

Qishloq hududlarida yashash uylari uchun issiqlik energiyasi asosan an’anaviy yoqilg‘i asosida ta’minlanadi. Bu esa nafaqat iqtisodiy jihatdan qimmatga tushadi, balki ekologik muammolarga ham olib keladi. Shu sababli quyosh energiyasi kabi qayta tiklanuvchi energiya manbalarini issiqlik ta’minoti tizimlariga qo‘shish orqali energiya samaradorligini oshirish, yoqilg‘i sarfini kamaytirish va issiq suv ta’minoti sifatini yaxshilash bugungi kunning ustuvor yo‘nalishlaridan hisoblanadi [1-3].

#Kalit so‘zlar: quyosh kollektor #issiqlik ta’minoti tizimi #issiq suv ta’minoti #energiya samaradorligi #tajribaviy tadqiqot #energiya tejash.