Annotatsiya
Annotatsiya. Maqolada talabalarning kasbiy kompetentligini oshirishda Case Study metodidan foydalanish bo‘yicha tavsiya va takliflar keltirilgan. Shu bilan birga “Case Study” metodi asosida olib boriladigan “Uch fazali zanjirlarda quvvat” mavzusidagi amaliy mashg‘ulot uchun Keys topshirig‘i va ularning yechimlari keltirilgan.
Kirish. Hozirgi zamonda iqtisodiyot jarayoni globallashayotgan vaziyatda O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyotining barcha tarmoqlarini intensiv ravishda keng ko‘lamda investitsiyalarni jalb etish asosida rivojlantirish asosiy dolzarb vazifa hisoblanadi. Ushbu sharoitda yuqori texnologiyalarga ega bo‘layotgan ishlab chiqarish korxonalarida ishlay oladigan bilimli mutaxassislarni tayyorlash ta’lim tizimining asosiy burchidir. Bunday mutaxassislarni tayyorlash oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarning malakasiga, zamonaviy bilimga egaligiga va yuqori zamonaviy pedagogik texnologiyalarni ishlata bilishiga bog‘liq.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi mamlakatning barqaror va inklyuziv rivojlanishini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan va O‘zbekistonning uzoq muddatli rivojlanish yo‘nalishlarini belgilaydi. Unda turli sohalardagi islohotlar, iqtisodiy o‘sish, ta’lim, tibbiyot va ijtimoiy himoya tizimlarining takomillashtirilishi, ekologik barqarorlikni ta’minlash va davlat boshqaruvini zamonaviylashtirish kabi maqsadlar ko‘zda tutilgan [1].