Annotatsiya
Annotatsiya: Ushbu ilmiy maqolada paxtani qayta ishlash sanoatida eng dolzarb muammolardan biri bo‘lgan – paxta g‘aramlarining (buntlarning) ichki qismida namlik oshishi natijasida kelib chiqadigan qizish va chirish jarayonlarini erta aniqlashning yangi, innovatsion usuli tadqiq etiladi. Izlanish davomida Arduino Mega 2560 mikrokontrolleri, CD74HC4067 analog multipleksorlari hamda MATLAB dasturiy ta’minoti yordamida arzon va yong‘in xavfsizligi talablariga javob beradigan Elektr qarshilik tomografiyasi (ERT) tizimining prototipi ishlab chiqildi. Tizim paxta massasidagi namlikning hajmiy (3D) taqsimotini vizual tarzda aks ettirish imkonini beradi. Olingan natijalar paxta zavodlarida raqamli monitoring tizimlarini joriy etish orqali xomashyo isrofgarchiligining oldini olish mumkinligini ko‘rsatdi.
O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyotining asosiy drayverlaridan biri bu – paxtachilik va to‘qimachilik sanoatidir. Paxta xomashyosini yig‘ib olish va uni qayta ishlash zavodlarida saqlash jarayoni o‘ta mas’uliyatli bosqich hisoblanadi. Odatda, yig‘ib olingan paxta ochiq maydonlarda katta g‘aramlar (buntlar) shaklida saqlanadi.
Paxta o‘z tarkibida namlikni tez saqlab qoluvchi va gigroskopik xususiyatga ega bo‘lgan organik tola hisoblanadi. G‘aram ichida namlikning me’yordan (odatda 8-12%) oshib ketishi turli xil aerob va anaerob mikroorganizmlarning ko‘payishiga olib keladi. Bu jarayon ekzotermik reaksiya (issiqlik ajralib chiqishi) bilan kechadi, natijada paxta tolasi sifatini yo‘qotadi (chiriydi) yoki haroratning kritik darajaga yetishi oqibatida o‘z-o‘zidan yonib ketish holatlari yuzaga keladi.
Bugungi kunda zavodlarda namlik va haroratni o‘lchash uchun asosan nuqtaviy zondlardan (shuplardan) yoki tashqi teplovizorlardan foydalaniladi. Biroq, bu usullar g‘aramning faqat sirtini yoki ma’lum bir nuqtasinigina o‘lchash imkonini beradi. G‘aram ichidagi uzluksiz 3D (hajmiy) namlik tarqalish xaritasini ko‘rish uchun esa tomografik yondashuv talab etiladi. Ushbu tadqiqot ishi tibbiyot va geofizikada keng qo‘llaniladigan Elektr Qarshilik Tomografiyasi (Electrical Resistivity Tomography - ERT) usulini paxta sanoatiga arzon va xavfsiz mikrokontrollerlar orqali tatbiq etishga qaratilgan.