Annotatsiya
Annotatsiya: Ushbu maqolada Chust va Shahrixon pichoqchilik maktablariga xos bo‘lgan milliy pichoqlarning turlari va o‘ziga xos jihatlari yoritilgan. Unda har ikki hudud ustalari tomonidan tayyorlanadigan pichoqlarning shakli, tig‘ tuzilishi va bezak uslublari tahlil qilinadi. Chust pichoqlarining o‘tkirligi va soddaligi, Shahrixon pichoqlarining esa bezakdorligi va mustahkamligi haqida ma’lumot beriladi. Shuningdek, tig‘ni toblash, charxlash va dastani bezash jarayonlari bayon etiladi. Maqolada pichoqlarning maishiy hamda sovg‘abop turlari ham ko‘rib chiqiladi. Ustoz-shogird an’anasi va hunarmandchilik merosining davomiyligi alohida ta’kidlanadi. Tadqiqot milliy pichoqchilik san’atining tarixiy va madaniy ahamiyatini ochib berishga qaratilgan.
Kirish. Mamlakatimizda 20 ga yaqin pichoqchilik markazlari mavjud. Ushbu xududlarda yasalgan pichoqlar o‘zining ishlash texnologiyasi, yasalish usuli,shakli, katta-kichikligi va bezaklari bilan bir-biridan farq qiladi. Masalan, yasalish usuliga qarab chust pichog‘i, qorasuv pichog‘i, shahrixon pichog‘i, qo‘qon pichog‘i, xiva pichog‘i kabilarga bo‘lingan. Ushbu xunarmandchilik markazlarining pichoq yasashda etnoxududiy xususiyatga ega o‘ziga xos a’nanaviy usullari avloddan avlodga o‘tib kelmoqda. Chunki pichoq o‘zbek oilalarida kesuvchi asbob sifatidagina ishlatilmay, balki butun mintaqada erkaklarning eng zarur ish quroli va hatto sarpo bezagi sifatida ham xizmat qilib kelgan. Bu o‘z navbatida pichoqning tashqi ko‘rinishini yanada chiroyli bezalishiga hamda uning nozik naqshli san’at sohasiga ko‘tarilishga xizmat qilgan.
Usullar. Eng yaxshi pichoqlar O‘zbekistonning ikkita qadimiy shaharlari – Chust (Namangan viloyati) va Shahrixon (Andijon viloyati)da tayyorlanadi. Chust va Shaxrixon pichoqlari afsonaviy hisoblanib, ularning pishiqligi va go‘zalligi sababli boshqa hududdagi pichoqlardan ajralib turadi. Ushbu hududdagi pichoqlar nafaqat O‘zbekistonda, balki butun dunyoda kollesionerlar va oshpaz va qassoblar tomonidan yuqori baholanadi[1].