Annotatsiya

Annotatsiya: Maqolada gerontologiya muammolari ijtimoiy-falsafiy va psixologik jihatdan tahlil qilinadi. Keksalik inson hayotining biologik bosqichi bilan birga, ma’naviy va ijtimoiy mazmunga ega murakkab fenomen sifatida yoritiladi. Qarish jarayoni ijtimoiy vaqt, tajriba va ma’naviy yetuklik bilan bog‘liq holda talqin etiladi. Shuningdek, ageizm muammosi hamda tarixiy-falsafiy qarashlar asosida keksalikning ontologik mohiyati ochib beriladi. Tadqiqot gerontologiyani jamiyat taraqqiyotining muhim strategik omili sifatida baholaydi.

Kirish. Gerontologiya masalasi – bu nafaqat inson hayotining biogenetik yoki fiziologik jihati, balki inson mavjudligining ijtimoiy, ma’naviy va ontologik mazmunini yorituvchi chuqur falsafiy-psixologik muammolardan biridir. Ijtimoiy falsafa nuqtai nazaridan qaraganda, keksalik va qarish hodisasi inson hayotining ijtimoiy vaqt bilan uyg‘unlikdagi shaklidir. Keksalik insonning jamiyatdagi o‘rni, ma’naviy yetukligi va tajribasining ijtimoiy vorislik jarayonida qay darajada namoyon bo‘lishini ko‘rsatuvchi dialektik bosqichdir. Shuning uchun gerontologiyani falsafiy-psixologik tahlil qilish ijtimoiy mavjudot sifatida insonning mohiyatini anglashning markazida turadi. Sh.M. Sodiqova “gerontologiya insonning ijtimoiy-axloqiy, psixologik va ma’naviy jihatlarini uyg‘un o‘rganadigan kompleks fan bo‘lib, uning predmeti keksalarning ijtimoiy maqomi, jamiyatdagi o‘rni va ma’naviy qadriyatlar tizimidagi funksional rolini tahlil qilishdan iboratdir” deb yozadi[1]. Uning fikricha, qarilik bu inson hayotidagi inqiroz emas, balki “shaxsning o‘zini qayta anglash, o‘z ichki dunyosini ijtimoiy tajriba bilan uyg‘unlashtirish davridir”[2]. Bu yondashuv ijtimoiy falsafa nuqtai nazaridan antropologik ahamiyat kasb etadi, chunki insonning “borliqdagi o‘rni” endi mehnat faoliyatida emas, balki ma’naviy yetuklikda o‘lchanadi. Biroq, Sodiqovaning konsepsiyasida “ijtimoiy moslashuv” jarayoni yetarlicha tahlil qilinmagan – keksalikda insonning jamiyat bilan o‘zaro munosabati, ijtimoiy moslashuv mexanizmlari chuqurroq psixologik asos talab qiladi. Shu jihatdan uning fikri ijobiy, lekin biroz normativ xarakterga ega.

#Kalit so‘zlar: gerontologiya #keksalik fenomeni #qarish jarayoni #ijtimoiy falsafa #ma’naviy yetuklik #ijtimoiy vorislik #ageizm #antropologik yondashuv #demografik qarish #fanlararo tadqiqot.