Annotatsiya

Annotatsiya: Ushbu maqolada Farg‘ona vodiysi o‘zbeklarining moddiy madaniyatiga doir qarashlar etnologik tahlil qilinadi. Tadqiqotda moddiy madaniyatning asosiy tarkibiy qismlari – turar joylar, kiyim-kechak, taqinchoqlar, oziq-ovqat mahsulotlari – nafaqat tavsifiy jihatdan, balki ularning ijtimoiy hayot va qadriyatlar bilan uzviy bog‘liqligi asosida o‘rganiladi. Moddiy madaniyat namunalarida aks etgan ramzlar, belgilar, diniy-falsafiy qarashlar va e’tiqodiy tasavvurlar etnosning ijtimoiy turmush tarzini anglashda muhim manba bo‘lib xizmat qiladi. Shu nuqtai nazardan, milliy uy-joy me’morchiligi, uning shakllanishiga ta’sir etuvchi ekologik, ijtimoiy va iqtisodiy omillar, shuningdek, o‘zbeklarning qadimiy urf-odat va e’tiqodlari keng yoritiladi. Tadqiqotda Abu Nasr Farobiy, Abu Ali ibn Sino, B. Malinovskiy, kabi mutafakkir va olimlarning nazariy qarashlari asosida moddiy madaniyatni ijtimoiy hayotning tarkibiy qismi sifatida baholash ilmiy asoslangan.

Kirish. Fargʻona vodiysi Markaziy Osiyoning eng qadimiy va madaniy jihatdan boy hududlaridan biri hisoblanadi. Bu hudud o‘zining qulay geografik joylashuvi, tabiiy resurslari va ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti bilan ajralib turadi. Shu boisdan ham vodiyning moddiy madaniyati – xalqning yashash tarzi, xo‘jalik faoliyati, uy-joy qurilishi, kiyim-kechak, hunarmandchilik, an’anaviy mehnat vositalari va boshqa kundalik hayotiy buyumlarida o‘z aksini topgan. Moddiy madaniyat – bu xalqning tarixiy taraqqiyoti davomida shakllangan va uning hayoti, urf-odatlari hamda ijtimoiy munosabatlarini ifodalovchi muhim ko‘rsatkichlardan biridir. Fargʻona vodiysi o‘zbeklarining moddiy madaniyati nafaqat ularning turmush tarzini, balki xalqning dunyoqarashi, qadriyatlari va ma’naviy olamini ham o‘zida mujassam etadi. Mazkur mavzu bo‘yicha olib boriladigan tadqiqotlar Fargʻona vodiysi aholisi hayotida moddiy madaniyatning o‘rnini aniqlash, uning tarixiy ildizlari va zamonaviy davrda tutgan ahamiyatini tahlil qilishga qaratilgan. Shu bilan birga, xalqning milliy o‘ziga xosligini belgilovchi asosiy omillardan biri sifatida moddiy madaniyatni o‘rganish bugungi kunda dolzarb masalalardan biri sanaladi

#Kalit so‘zlar: Farg‘ona vodiysi #o‘zbeklar #moddiy madaniyat #turar joy #kiyim-kechak #taqinchoqlar #oziq-ovqat #ramz #e’tiqod #etnologiya #milliy qadriyatlar.