Annotatsiya
Annotatsiya. Maqolada qoramolchilik fermalarida go‘ngni mexanizatsiyalashgan holda yig‘ishtirish uchun mo‘ljallangan mobil mashinaning shnekli ishchi organi ish jarayonini eksperimental tadqiq etish natijalari keltirilgan. Tadqiqotlarda shnek diametri 200–400 mm, aylanish chastotasi 100–500 ayl/min, shnek qadami va diametri orasidagi nisbat S/D = 0,8; 0,9; 1,0 hamda lentali transportyor tezligi 0,40–0,70 m/s sharoitida mashinaning unumdorligi va energiya sarfiga ta’siri baholandi. Eksperimental stend qamrov kengligi 0,5 m, go‘ng qatlamining qalinligi esa 6 sm dan oshmagan. Olingan natijalar asosida shnekli ishchi organning optimal konstruktiv va texnologik parametrlari tavsiya etildi.
Kirish. So‘nggi yillarda chorvachilik komplekslarida ishlab chiqarish hajmining oshishi bilan bir qatorda go‘ngni yig‘ishtirish va utilizatsiya qilish bilan bog‘liq texnologik jarayonlarning energiya va mehnat sig‘imi sezilarli darajada ortib bormoqda [1-4]. Amaldagi statsionar skreperli, zanjirli va lentali transportyorlar asosidagi tizimlar yuqori ekspluatatsion xarajatlar, tez-tez texnik nosozliklar, metall qismlarining massasi kattaligi hamda konstruktiv moslashuvchanlikning pastligi bilan tavsiflanadi [5,6]. Bu holatlar ishlab chiqarish tannarxining oshishiga va chorvachilik mahsulotlari raqobatbardoshligining pasayishiga olib kelmoqda.
Ilmiy adabiyotlarda shnekli ishchi organlarning go‘ngni uzatish jarayonidagi afzalliklari – soddaligi, ixchamligi va shnek kanali bo‘ylab to‘lib tashilish xususiyati qayd etilgan bo‘lsada, ularning konstruktiv-texnologik parametrlarini asoslash masalasida yagona yondashuv shakllanmagan [7-11]. Ko‘plab tadqiqotlarda shnekning diametri, aylanish chastotasi va qadam nisbatining ta’siri alohida-alohida o‘rganilgan bo‘lib, ularning o‘zaro bog‘liq holdagi ta’siri, ayniqsa mobil mashinalar sharoitida yetarli darajada tahlil qilinmagan [12].