Annotatsiya

Annotatsiya. Mazkur maqolada suv ta'minoti va sug‘orish tizimlarida chastota boshqariladigan nasos agregatlarining energiya yo‘qotishlari tahlil qilinadi. 100 kWt quvvatli model tizim misolida to‘liq energiya uzatish zanjiri (elektr tarmoq → chastota o‘zgartirgich → asinxron dvigatel → nasos agregati → gidravlik tarmoq) bo‘yicha yo‘qotishlar mexanizmlari, ularning fizik asoslari, miqdoriy bahosi va optimallashtirish strategiyalari batafsil yoritiladi. MATLAB/Simulink muhitida qurilgan dinamik matematik model yordamida nominal rejimda umumiy tizim samaradorligi 31.7% ekanligini, 75% yuklamada esa chastota boshqaruvi orqali 58.6% gacha energiya tejash potentsiali mavjudligini aniqlandi. Kompleks optimallashtirish strategiyasi (gidravlik tarmoq rekonstruksiyasida IE4 sinf dvigatel qo‘llash orqali yuqori samarali nasos) yordamida umumiy samaradorlikni 44.8% gacha oshirish mumkinligi ko‘rsatildi. Tadqiqot O‘zbekiston Respublikasining 2030-yilgacha bo‘lgan suv xo‘jaligi modernizatsiya dasturlari kontekstida amaliy tavsiyalar beradi va yillik 531,612 kWt·soat energiya tejash, 265.8 tonna CO₂ emissiyasini kamaytirishni ko‘rsatadi.

Kirish. Muammoning global va milliy ahamiyati Zamonaviy sanoat va kommunal xo‘jalik infratuzilmasida nasos agregatlarining energiya samaradorligi global miqyosda eng muhim texnik-iqtisodiy va ekologik muammolardan biridir. Dunyo miqyosida ishlab chiqariladigan elektr energiyasining taxminan 20% i turli maqsadlardagi nasos tizimlariga sarflanadi, bu yillik taxminan 2,200 milliard kWt·soat ni tashkil etadi [1]. Sanoat sektorida bu ko‘rsatkich yanada yuqori bo‘lib, sanoatda iste'mol qilinadigan elektr energiyasining 25-50% i nasos agregatlariga to‘g‘ri keladi [2]. Bu raqamlar nasos tizimlarining energiya tejash potentsialining jiddiyligini va modernizatsiya zarurligini ko‘rsatadi. O‘zbekiston Respublikasida vaziyat yanada keskin va dolzarbdir. 2025-yilda e'lon qilingan "Uzbekistan to Modernize Its Irrigation Infrastructure" hisobotiga ko‘ra, mamlakatdagi 1700 dan ortiq nasos stansiyasi yiliga taxminan 7.2 milliard kWt·soat elektr energiyasini iste'mol qiladi, bu milliy elektr energiyasi iste'molining 16% ini tashkil etadi [3]. Sug‘orish maqsadlari uchun ishlatiladigan nasos stansiyalarining elektr energiyasi sarfi yillik operatsion byudjetning 65-70% ini egallaydi va yiliga taxminan 3 million tonna CO₂ emissiyasiga olib keladi. bu ko‘rsatkichlar O‘zbekistonni dunyodagi eng energiya sarf qilinadigan suv xo‘jaligi tizimlariga ega mamlakatlardan biriga aylantiradi [4]. Shu bilan birga, mamlakatning yillik suv iste'moli 1980-yillardagi 64 milliard kub metrdan 2021-yilda 43.2 milliard kub metrga tushgan [3], ammo energiya samaradorligi bo‘yicha jiddiy muammolar saqlanib qolmoqda. 

#Kalit so‘zlar: nasos agregati #chastota o‘zgartirgich (ChaO‘) #energiya yo‘qotishlari #gidravlik tarmoq #MATLAB/Simulink modellashtirish #energiya samaradorligi.