Annotatsiya
Annotatsiya. Ushbu maqolada yengil avtomobil reflektorlarini ishlab chiqarish natijasida hosil bo‘ladigan chiqindining tarkibida Menzolit BMC-3102 polimer kompozit materiali borligi aniqlangan. Uning tarkibida bog‘lovchi qatron va shisha tola borligi aniqlangan. Ushbu Menzolit BMC-3102 polimer kompozit materialini qayta ishlab to‘g‘ridan to‘g‘ri tsement beton kompozitlariga turli nisbatlarda qo‘shib kompozit material olingan. Olingan ttsement beton kompozitlarining mustahkamlik xossalari o‘rganilgan.
Kirish. Oʻzbekistonda qattiq maishiy chiqindilarning hosil boʻlish hajmi yiliga 14-14,5 mln. tonna deb baholanmoqda va Oʻzbekiston aholisi yiliga oʻrtacha 1,5 foizga koʻpayish suratini hisobga olsa 2028 yilga kelib bu koʻrsatkich 16-16,7 mln tonnaga yetishi mumkin. Ushbu chiqindilarning oʻrtacha 25 % oziq-ovqat, 5-10 % – qogʻoz, 50 % – polimerlar, qolganlari – metall, toʻqimachilik mahsulotlari, rezina, shisha va boshqalar hisoblanadi. Chiqindilarning koʻpayishi va ularni qayta ishlash uchun yetarlicha imkoniyat boʻlmaganligi sababli Oʻzbekiston aholisining sogʻligʻiga ham salbiy taʼsirlar sezilmoqda, statistikaga koʻra Oʻzbekistonda 2020 yilda 340 dan ziyod inson maishiy chiqindilardan ifloslanish natijasida kelib chiqadigan kasalliklar taʼsirida hayotdan koʻz yumgan, bu koʻrsatgich avvalgi yillardan besh barobarga koʻp. Chiqindilarni yo‘q qilishning an'anaviy ravishda qo‘llaniladigan usullar - poligonlarda yoqish va ko‘mish bo‘lib, bu usullar polimer chiqindilari uchun samarasiz xisoblanadi. Polimer chiqindilarining yonishi natijasida zaharli gazlar hosil bo‘ladi, ulardan eng xavflisi xlorli chiqindilarning yonishi natijasida paydo bo‘ladigan furanlar va dioksinlardir [1]. Respublikamizda xar yili to‘planib borayotgan 7-8 mln. tonna polimer chiqindilarni ekologik tamoyillar asosida qayta ishlashni ilmiy asosda hal qilish dolzarb masalalardan biridir.