Annotatsiya
Annotatsiya. Ushbu maqolada guruch saralash mashinasi yuritmasining ekssentrikli qayishqoq elementga ega mushtumchali mexanizmi sxemasi keltirilgan. Unda, bikr mushtumchaga nisbatan, qayishqoq mushtumchaning ish jarayonida yetarlicha deformatsiyalanishi va harakat qonunining o‘zgarishi natijasida ortiqcha bog‘lanishlar paydo bo‘lishi hamda ularni bartaraf etish usullari ko‘rib chiqilgan. Shuningdek, maqolada yuqori kinematik juftlarni quyi kinematik juftlar bilan almashtirish usullari bayon etilgan va qayishqoq elementning deformatsiya qiymati hisobiga koromislo, shatun hamda krivoship o‘lchamlarining o‘zgarishini inobatga oluvchi ifodalar keltirilgan.
Kirish. Dunyoda yetishtiriladigan qishloq xo‘jaligi ekinlarining yangi navlarini va yetishtirish texnologiyalarini yaratish bilan bir qatorda, yuqori ish sifati va unumiga ega don va urug‘larni saralash mashinalarini ishlab chiqish, mavjudlarni takomillashtirish muhim vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda. Ma’lumki, saralash mashinalari statsionar yoki mobil (ko‘chma) bo‘lishi mumkin. Sanoatda, asosan, saralash mashinalarining statsionar turi qo‘llanilsa, xo‘jaliklarda esa asosan ko‘chma saralash mashinalari keng ko‘lamda foydalaniladi [1]. O‘rim yig‘imdan keyin donni qayta ishlash uchun texnik vositalarning zamonaviy ishlanmalari jahon andozalari talablariga muvofiq energiya tejovchi texnologiyalar tizimini joriy etishga qaratilgan [2].