Annotatsiya

Annotatsiya: Mazkur maqolada planetar mexanizmlar asosida ko‘p qirrali profil vallarni shakllantirish va ishlov berish jarayonlarini optimallashtirish masalalari ko‘rib chiqilgan. O‘q bo‘ylab teshikli vallarni bir o‘rnatishda ishlov berish, kesish parametrlarini tanlash, elastik deformatsiyalar ta’sirini kamaytirish hamda kombinatsiyalashgan ishlov berish usullarining samaradorligi tahlil qilingan. Tadqiqot natijasida ishlov berish aniqligi va texnologik unumdorlikni oshirishga qaratilgan konstruktiv hamda texnologik yechimlar taklif etilgan.

Kirish. Mashinasozlik sanoatida ko‘p qirrali profilga ega va o‘q bo‘ylab teshikli vallarni ishlab chiqarish zamonaviy texnologiyalarning muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bunday detallar transmissiya mexanizmlari, uzatmalar, moment uzatuvchi birikmalar va mas’uliyatli mashina qismlarida keng qo‘llaniladi. Ularning geometrik aniqligi, sirt sifati va ekspluatatsion xossalari ishlab chiqarish texnologiyasi bilan bevosita bog‘liq. Shu sababli mazkur turdagi detallarni yuqori unumdorlik va aniqlik bilan tayyorlashga qaratilgan ilmiy tadqiqotlar dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Ko‘p qirrali yuzalarni shakllantirish va profil vallarni ishlov berish bo‘yicha bir qator olimlar tomonidan ilmiy izlanishlar olib borilgan. Jumladan, S.N. Grigorev va M.I. Kiselev tomonidan mashinasozlik texnologiyasida murakkab profilli detallarni ishlov berish usullari va kesish jarayonlari chuqur o‘rganilgan [1]. Kalpakjian va Schmid tadqiqotlarida esa metallarga ishlov berish jarayonlarida deformatsiya, kesish kuchlari va ishlab chiqarish samaradorligi masalalari tahlil qilingan [2]. Boothroyd va Dewhurst ishlab chiqarishda operatsiyalarni birlashtirish va konstruktiv-texnologik optimallashtirish bo‘yicha ilmiy asoslarni ishlab chiqqan [3].

#Kalit so‘zlar: mexanizm #val #profil #tokarlik #kombinatsiyalashgan #kesish #deformatsiya #radial #keskich #blok #teshik #stanina #tishli g‘ildirak #qirindi.