Annotatsiya
Annotatsiya: Metallarga ishlov berish jarayonida sovitish va moylash tizimlariga turli qo‘shimchalar kiritilishi ishlov berishning barqarorligi va samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Har xil turdagi qo‘shimchalar ishqalanishni kamaytirish, kontakt yuzalarining yeyilishini pasaytirish hamda kesish zonasidan issiqlikni samaraliroq olib chiqishga yordam beradi. Nanotexnologiyalar rivojlanishi bilan sanoatda nanozarrachalar, nanoqo‘shimchalar va nanosuyuqliklardan foydalanish va ularni tadqiq etishga katta e’tibor qaratilmoqda. Ushbu ishda nanozarrachalarga asoslangan sovitish va moylash suyuqliklaridan foydalanishning ta’siri o‘rganiladi. Oddiy sovitish-moylash suyuqliklari bilan nanoasosli suyuqliklarning kesish jarayonidagi samaradorligi o‘zaro solishtiriladi.
Kirish. Nanotexnologiya bugungi kunda ilm-fan va sanoatning eng jadal rivojlanayotgan yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, uning taraqqiyoti uzluksiz davom etmoqda. Ushbu sohada yaratilayotgan mahsulot va texnologiyalar elektronika, tibbiyot, aviatsiya va kosmik tizimlar, avtomobilsozlik, metrologiya, energetika, qishloq xo‘jaligi hamda to‘qimachilik kabi ko‘plab tarmoqlarda keng tatbiq etilmoqda. Ayniqsa, nanotexnologiyaning muhim natijalaridan biri hisoblangan nanosuyuqliklar mexanik va mashinasozlik sohalarida tobora ko‘proq qo‘llanila boshladi [1].
Nanosuyuqliklar – bu asosiy suyuqlik tarkibiga mayda o‘lchamdagi zarrachalar qo‘shilishi orqali hosil qilingan murakkab muhit bo‘lib, ular boshlang‘ich suyuqlikning fizik-kimyoviy xossalarini sezilarli darajada o‘zgartiradi. Bunday suyuqliklar ishlab chiqarish jarayonlari va texnologik tizimlarning samaradorligini oshirish maqsadida qo‘llanadi [2]. Ular, odatda, qovushqoqlikni oshirish, harakatlanuvchi yuzalar orasidagi bevosita kontaktnı kamaytirish, oksidlanish jarayonlarini susaytirish hamda issiqlik almashinuvini yaxshilash kabi foydali xususiyatlarga ega.
Shu bilan birga, nanosuyuqliklardan foydalanishning kengayishi ayrim murakkabliklarni ham yuzaga keltirmoqda. Xususan, nanozarrachalarni olish va tayyorlash jarayoni texnologik jihatdan murakkab bo‘lib, u yuqori aniqlik va maxsus uskunalarni talab qiladi. Nanosuyuqliklarni hosil qilish odatda ikki bosqichda amalga oshiriladi: dastlab nanoo‘lchamdagi zarrachalar sintez qilinadi, so‘ngra ular maxsus mexanik yoki ultratovush usullari yordamida asosiy suyuqlikka bir tekis taqsimlanadi. Bu jarayonlarning murakkabligi ularning umumiy tannarxini oshiradi.