Annotatsiya
Annotatsiya: Maqolada paxta terish mashinalarini ochiq va yopiq sharoitlarda saqlash jarayonining ularning texnik holatiga ta’sirini o‘rganish natijalari hamda paxta terish mashinalarining asosiy uzellari, jumladan shpindel apparati elementlari, transportyor zanjirlari, podshipnik uzellari, gidravlik shlanglar hamda metall konstruksiyalarining saqlash sharoitlariga bog‘liq ravishda eskirishi tahlil etilgan. Shuningdek, saqlash turlarining iqtisodiy samaradorligi qiyosiy hisob-kitob qilinib, yopiq sharoitda saqlashning moliyaviy afzalliklari va saqlash jarayonini to‘g‘ri tashkil etish va maqbul mikroiqlim sharoitlarini yaratish texnikaning xizmat muddatini uzaytirishda va ekspluatatsion xarajatlarni kamaytirishda muhim ahamiyatga ega ekanligi keltirilgan.
Kirish. Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi mavsumiy xarakterga ega bo‘lgani sababli texnikalardan foydalanish jarayoni yil davomida bir xil intensivlikda amalga oshirilmaydi. Ayniqsa, paxta terish mashinalari terim davrida yuqori yuklama ostida ishlaydi, mavsum yakunlangach esa uzoq muddat saqlashga qo‘yiladi. Shu sababli texnikani saqlash jarayoni uning keyingi ekspluatatsion ishonchliligi va xizmat muddatiga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatadi. Amaliy kuzatishlar shuni ko‘rsatadiki, paxta terish mashinalari ko‘pincha ochiq maydonlarda yoki moslashmagan sharoitlarda saqlanadi. Natijada atmosfera namligi, yog‘ingarchilik, harorat tebranishlari va agrokimyoviy moddalar qoldiqlari mashina agregatlari va detallarining texnik holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bu esa metall konstruksiyalarda korroziya jarayonlarining tezlashishiga, rezina va polimer elementlarning fizik-mexanik xususiyatlari yomonlashishiga hamda ayrim mexanizmlarning ishlash qobiliyati pasayishiga olib keladi [1,2].
Saqlash jarayonida tashqi muhit omillari ushbu materiallarda turli fizik va kimyoviy jarayonlarning yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi. Haroratning sutkalik va mavsumiy tebranishlari metall konstruksiyalarda termik kuchlanishlar hosil bo‘lishiga olib keladi. Paxta terish mashinalarining asosiy konstruktiv elementlari ramasi, shpindel apparati korpusi, transportyor karkasi va bunker elementlari po‘latdan tayyorlangan bo‘lib, haroratning tez-tez o‘zgarishi natijasida ularda kichik deformatsion jarayonlar yuzaga keladi va yoriqlar hosil bo‘lish ehtimoli ortadi.