Annotatsiya
Maqolada sanoatning turli tarmoqlarida suyuqliklar sarfini nazorat qilishda sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish masalasi yoritiladi. Real ishlab chiqarish sharoitida oqim tezligining notekisligi, quvurlar yuzasining ifloslanishi, datchiklarning eskirishi va gidravlik rejimlarning o‘zgarishi an’anaviy sarf o‘lchash asboblarining aniqligini pasaytirishi ko‘rsatib o‘tiladi. Ushbu muammoni bartaraf etish maqsadida sun’iy neyron tarmoqlari asosida qurilgan virtual datchik (soft sensor) konsepsiyasi taklif etiladi. Taklif etilgan yondashuvda suyuqlik sarfi bevosita o‘lchashdan ko‘ra, bosim, harorat, zichlik, qovushqoqlik, ijro mexanizmlarining ochilish darajasi hamda qo‘shimcha reagentlar sarfi kabi bilvosita parametrlar asosida aniqlanadi. Natijalar sun’iy intellekt asosidagi virtual datchik suyuqlik sarfini yuqori aniqlik bilan baholashi, real sensorlar ishdan chiqqan holatlarda o‘lchashni uzluksiz davom ettirishi hamda texnologik jarayonlarni intellektual boshqarish va energiya samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etishini ko‘rsatadi.
Sanoatning jadal rivojlanishi jarayonida avtomatik boshqarish tizimlarining ishonchliligi, xavfsizligi va nazoratning aniqligi tobora muhim omilga aylanmoqda. Mazkur tizimlarning asosiy parametrlari qatorida suyuqliklar sarfini nazorat qilish muhim ahamiyatga ega, chunki sarfning o‘zgarishi jarayonning barqarorligiga, mahsulot sifati va energiya samaradorligiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Kimyo, neft-gaz, issiqlik energetikasi, oziq-ovqat sanoati kabi tarmoqlarda sarfni aniq o‘lchash texnologik rejimning to‘g‘ri shakllanishi va boshqarilishining asosiy sharti hisoblanadi. Biroq real sharoitlarda sarf o‘lchash ko‘plab murakkabliklarga duch keladi: oqim tezligining notekisligi, quvur yuzasining ifloslanishi, sensorlarning eskirishi, gidravlik qarshiliklarning o‘zgarishi, tashqi vibratsiya va harorat ta’sirlari, texnik xizmat ko‘rsatish davridagi o‘lchash uzilishlari hamda ko‘plab boshqa omillar qo‘chimcha xatolik keltirib chiqaradi. Ana shunday muhitda an’anaviy o‘lchash asboblari ko‘p hollarda yetarli aniqlikni ta’minlay olmaydi [1-3].