Annotatsiya
Annotatsiya. Ushbu maqolada shahar jamoat yo‘lovchi transporti tizimining asosiy ish faoliyati, uning tashkiliy, texnik va ekspluatatsion xususiyatlari tahlil qilinadi. Shahar sharoitida yo‘lovchilarni tashish jarayoniga ta’sir etuvchi omillar, jumladan yo‘nalishlar tarmog‘i, harakat jadvali, transport vositalarining sig‘imi, bekatlarning joylashuvi va yo‘lovchilar oqimi o‘rganiladi. Shuningdek, jamoat transporti ishini samarali tashkil etish orqali aholining harakatchanligini oshirish, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash hamda transport xizmatlari sifatini yaxshilash masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.
Kirish. Har yili jamoat transportida yo‘lovchilarni tashish hajmi ortib bormoqda. Bu holat, ayniqsa, yirik aholi punktlarida yaqqol seziladi. Avtomobil transportining ko‘payishi va uning rivojlanishi (transport vositalari massasining ortishi, harakat tezligi, qulaylik darajasi va boshqalar), axborot hajmining ko‘payishi, aloqa tizimlarining yaxshilanishi, aholi daromadlari va bo‘sh vaqtining ortishi madaniy-maishiy hamda ijtimoiy ehtiyojlarning ko‘payishiga olib keladi. Bu esa, o‘z navbatida, yo‘lovchi tashish hajmining oshishiga sabab bo‘ladi [1-3].