Annotatsiya
Ushbu maqolada shahar transport tizimining samaradorligi va yo‘lovchi tashish sifatini oshirish uchun dinamik modellashtirish usullarini qo‘llash masalalari ko‘rib chiqiladi. Maqolada transport oqimining asosiy parametrlarini (intensivlik, tezlik, zichlik) vaqt bo‘yicha o‘zgaruvchan funksiyalar sifatida tahlil qilish, shuningdek, real vaqt ma’lumotlari asosida ishlaydigan dinamik modellarni qurish usullari yoritilgan. Pik vaqt oralig‘ida transport oqimini boshqarishning amaliy misoli orqali, dinamik modellashtirish asosida jamoat transporti intervallarini optimallashtirish yo‘lovchi kutish vaqtini 30-40 foizga qisqartirishi ko‘rsatilgan. Nazariy modellarni amaliy qo‘llash imkoniyatlarini ko‘rsatish maqsadida SUMO (Simulation of urban mobility) va PTV Visum kabi zamonaviy dasturiy vositalarning imkoniyatlari tahlil qilingan.
Shahar aholisining tez o‘sishi va harakatchanlik darajasining ortishi transport tizimiga bo‘lgan talabni keskin oshiradi, natijada yo‘llarning haddan tashqari to‘lib-qashishi, kechikishlar va yo‘lovchi qulayligining pasayishi kabi muammolar yuzaga keladi. Ushbu muammolarni bartaraf etish va “aqlli shahar” transport infratuzilmasini rivojlantirish zarurati dinamik modellashtirish usullarini joriy etishni talab qiladi [1].
Mavjud statik modellar transport oqimini ma’lum bir vaqt oralig‘ida o‘zgarmas deb qabul qiladi, ammo real shahar sharoitida transport talabi kun, hafta va mavsum davomida sezilarli o‘zgarishlarga uchraydi. Shu sababli, vaqt omilini hisobga oluvchi dinamik modellar transport tizimini boshqarishda ancha aniq va samarali yechimlarni taklif qiladi [2-3].
Ushbu maqolaning maqsadi shahar transport oqimlarini real vaqt rejimida baholash va boshqarish imkonini beruvchi dinamik model asosida yo‘lovchi tashish sifatini oshirish yo‘llarini taklif etishdir. Maqolada quyidagi masalalar yoritiladi:
1. Statik va dinamik modellashtirish usullarining qiyosiy tahlili.
2. Transport oqimining asosiy parametrlarini vaqt funksiyasi sifatida ifodalash.
3. Dinamik modellashtirishning amaliy qo‘llanilishi misoli.
4. Zamonaviy dasturiy vositalar (SUMO, PTV Visum) orqali dinamik modellarni amaliy qo‘llash imkoniyatlari [4].