Annotatsiya
: Ushbu tadqiqot ishida oliy ta’lim tizimida dars jadvalini avtomatik tuzishda o‘quv mashg‘ulotlariga mos auditoriyalarni tanlash uchun matematik model va algoritmlar ishlab chiqilgan. Modelda xonaning sig‘imi, turi va kafedraga mansubligiga qarab umumiy moslik darajasi baholanadi hamda eng maqbul xonani aniqlaydi.
Dars jadvalini avtomatik tuzish masalasi hozirgi kunda ta’lim muassasalarida o‘quv jarayonini samarali tashkil etish bilan bog‘liq eng dolzarb muammolardan biri hisoblanadi. Ushbu masala ko‘plab murakkab jarayonlarni o‘z ichiga oladi hamda bir-biri bilan bog‘liq bo‘lgan boshqariluvchi parametrlar sonining ko‘pligi bilan ajralib turadi. Jumladan, guruhlar soni, fanlar, o‘qituvchilar, vaqt oraliqlari va o‘quv xonalarining xususiyatlarini bir vaqtda inobatga olish talab etiladi.
Mazkur maqolada dars jadvalini avtomatik tuzish masalasining muhim tarkibiy qismi bo‘lgan masala osti, ya’ni o‘quv mashg‘ulotiga mos o‘quv xonasini tanlash muammosini yechishga qaratilgan matematik model va algoritmlar taklif etiladi. Taklif etilayotgan model o‘quv xonasining sig‘imi, turi hamda kafedraga mansubligi kabi asosiy mezonlarni hisobga olgan holda ularning umumiy moslik darajasini baholaydi. Natijada, mavjud variantlar orasidan aniq o‘quv mashg‘ulotlari uchun eng maqbul xonani tanlash imkonini beradi va umumiy dars jadvalini tuzish jarayonining samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Demak, keyingi bo‘limlarda o‘quv mashg‘ulotiga mos keluvchi o‘quv xonalarini tanlash modelining tarkibiy qismlarini, ya’ni usullarini ko‘rib chiqamiz. Dastlab, masalaga mos o‘rgaruvchi, to‘plamlar va belgilashlarni aniqlab olamiz.