Annotatsiya
Ushbu maqolada trixogramma tarqatadigan qurilmaning ishchi kamerasida g‘umbaklarning havo oqimi ta’siridagi harakati nazariy jihatdan tahlil qilingan va matematik modellashtirilgan. Tadqiqot jarayonida g‘umbaklarga ta’sir etuvchi asosiy aerodinamik kuchlar - og‘irlik, havo oqimi bosimi, adgeziya, ishqalanish hamda ko‘taruvchi kuchlar hisobga olingan. Harakat tenglamalari tuzilib, ularni еchish uchun vaqtni diskretlash usuli qo‘llanilgan. Olingan matematik model asosida g‘umbaklarning uchish trayektoriyasi, tezligi va tarqalish masofasi aniqlangan. Hisoblash va modellashtirish natijalari ishchi kameradagi optimal havo tezligini belgilash hamda g‘umbaklarning mexanik shikastlanishini kamaytirishga xizmat qiladi.
Qishloq xo‘jaligi ekinlarini zararkunandalardan himoyalashda entomofag hasharotlardan foydalanish muhim o‘rin egallaydi. Xususan, trixogramma g‘umbaklari g‘o‘za va boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlarida uchraydigan zararkunandalarning tuxumlarini parazitlash orqali ularning ko‘payishini cheklaydi. Shu sababli trixogrammani dala sharoitida o‘z vaqtida, bir tekis va me’yor asosida tarqatish biologik himoya samaradorligini belgilovchi asosiy omillardan biri hisoblanadi.
Amaliyotda trixogrammani qo‘lda tarqatish usullari ko‘p mehnat talab qilishi, tarqatishning notekisligi va biologik materialning mexanik shikastlanishi bilan tavsiflanadi.
Shu munosabat bilan trixogramma g‘umbaklarini mexanizatsiyalashgan usulda tarqatish uchun maxsus texnika vositasi ishlab chiqildi va uning konstruktiv parametrlari ilmiy asoslandi (1-rasm). Ayniqsa, havo oqimi yordamida ishlovchi ejektorli tarqatish qurilmasida g‘umbaklarning harakati, ularning aerodinamik barqarorligi va mexanik saqlanishi chuqur tadqiq qilindi [1-5].