Annotatsiya
Ushbu maqolada milliy pichoqchilik maktablarining yo‘nalishlari va muammolari tarixiy va etnologik jixatdan Farg‘ona vodiysi pichoqchilik maktablari misolida yoritib berilgan. Shuningdek pichoq yasash usullari, ishlash texnologiyasi, charxlash jarayonlari milliy uslublar hududlar misolida taxlil qilingan. Xususan pichoqchilik markazlarining rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan muammolar to‘g‘risida ma’lumotlar berilgan.
Hunarmandchilik ishlab chiqarishi jamiyat taraqqiyotining asosiy omillaridan biri hisoblanib, ushbu insonlarga alohida mavqega ega bo‘lgan ijtimoiy sinf sifatida qaralgan. Shuning uchun asrlar davomida turli omillar ta’sirida milliy hunarmandchilik sohalari takomillashib borgan [1]. Farg‘ona vodiysidagi pichoqchilik markazlari o‘zining yuqori sifatli pichoqlari bilan nafaqat mintaqa bozorlari, balki butun Markaziy Osiyo va bir qator uzoq mamlakatlarda ham tanilgan bo‘lsa-da, biroq mustamlakachilik davridagi iqtisodiy munosabatlar soha taraqqiyotiga salbiy ta’sir o‘tkazgan. Keyinchalik, ya’ni Rossiya imperiyasi va sovet mustamlakachiligi davrida milliy pichoqlarga sovuq qurol tarzida qarash mavjud bo‘lgan. Bunga milliy pichoqlarni egiluvchanligini mustahkamlash maqsadida ochilgan koma chiziq sabab bo‘lgan. Aslida sovuq qurol sifatida ishlangan xanjarnusxa pichoqlar ham bo‘lgan, ammo ushbu turdagi pichoqlarni mahalliy ustalar tomonidan tayyorlanmagan [2]. Bundan tashqari, sovet mustamlakachiligi davrida pichoqchilik tarmog‘ida artellar tuzilishi tarmoq rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan [3].