Annotatsiya
1991 yil 31 avgustda mustaqillikka erishgach, O‘zbekiston demokratik huquqiy davlatni barpo etish hamda jahon hamjamiyatida o‘z o‘rnini mustahkamlashni ustuvor vazifa sifatida belgiladi. Ushbu rivojlanish jarayonining muhim tarkibiy qismi sifatida ziyolilar olimlar, pedagoglar, yozuvchilar va san’atkorlarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning faoliyatini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Davlat tomonidan mafkuraviy cheklovlarni bartaraf etish, ijod erkinligini ta’minlash, milliy madaniyat va fan sohalarini rivojlantirishga qaratilgan muhim islohotlar amalga oshirildi. Ilmiy va ijodiy erkinlikni kafolatlovchi huquqiy asoslar yaratildi. Yillar davomida davlat tomonidan turli mukofotlar joriy etildi, ish haqlari oshirildi hamda ziyolilarning mehnatini e’tirof etish va rag‘batlantirish uchun keng imkoniyatlar yaratildi.
1991-yil 31-avgustda O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erish-di. Mustaqillikni har tomonlama mustahkamlash, bozor munosabatlariga asoslangan demokratik huquqiy davlat qurish, shuningdek, jahon hamjamiyatiga qo‘shilish va ular orasida o‘zining munosib o‘rniga ega bo‘lish mamlakat oldida turgan ustuvor vazifalardan biridir. Mamlakat taraqqiyotida ilm-fan va uni rivojlantiruvchi ziyolilar faoliyati muhim ahamiyat kasb etadi. Shu maqsadda istiqlolning dastlabki kunlaridan respublika hukumati bu masalaga alohida e’tibor qaratdi. Bu borada Prezident I.A. Karimov “Bugun biz mustaqil davlat quryapmiz. Ilmu fan taraqqiyoti biz uchun eng ustuvor yo‘nalishlardan biridir. Bu sohada xizmat qiladigan odamlarning saviyasi, obro‘si haqida g‘amxo‘rlik qilishimiz, ularning hayotimizga qo‘shadigan hissasiga qarab e’tibor berishimiz shart”, deb ta’kidlaydi.