Annotatsiya

Ushbu maqolada O‘zbekiston Respublikasida Prezidentlik boshqaruvi modelining shakllanishi va takomillashuvi tahlil qilinadi. Mazkur institut mustaqillikdan keyingi davrda davlat suverenitetini mustahkamlash, siyosiy barqarorlikni ta’minlash va transformatsion jarayonda boshqaruv samaradorligini oshirish vazifasini bajardi. Tadqiqotda Prezidentlik institutining konstitutsiyaviy-huquqiy asoslari, ijro hokimiyatining markazlashuvi, hokimiyatlar o‘rtasidagi muvozanat, siyosiy pluralizm va demokratik hisobdorlik kabi masalalar ko‘rib chiqilgan. Shuningdek, institutning ijtimoiy legitimligi, fuqarolik jamiyati bilan aloqalari va zamonaviy islohotlar konteksti tahlil qilinadi. Maqola Prezidentlik boshqaruvi modelining O‘zbekistonda siyosiy, huquqiy va ijtimoiy rivojlanishdagi ahamiyatini yoritishga qaratilgan.

O‘zbekiston Respublikasida Prezidentlik boshqaruvi modelining qaror topishi va takomillashuvi masalasi respublikaning mustaqillikka erishgan ilk kunlaridan boshlab siyosiy institutlar rivojining markaziy yo‘nalishlaridan biri bo‘lib kelmoqda. Ushbu modelning shakllanishi, avvalo, davlat suverenitetini mustahkamlash, boshqaruvni markazlashtirish orqali siyosiy barqarorlikni ta’minlash va transformasion davrda ijtimoiy-iqtisodiy beqarorlik xavfini bartaraf etishga qaratilgan strategik ehtiyojdan kelib chiqqan edi. Shu bilan birga, Prezidentlik institutining dastlabki konstitutsiyaviy huquqiy asoslari, uning vakolatlari, vakillik shakllari va institutlararo muvozanatdagi o‘rni vaqt o‘tishi bilan bosqichma-bosqich takomillashib bordi. Mazkur institut O‘zbekiston siyosiy tizimining muvofiqlashtiruvchi markaziga aylangan bo‘lsa-da, uning shakllanishi va rivojlanishida muvozanatli hukumat modeli tamoyillarining cheklanganligi haqidagi bahslar bugungi kunda ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

#Prezidentlik boshqaruvi #O‘zbekiston Respublikasi #siyosiy institutlar #konstitutsiyaviy huquq #ijro hokimiyati #siyosiy barqarorlik #muvozanatli hukumat #demokratik islohotlar #fuqarolik jamiyati #suverenitet.