Annotatsiya
Energiya resurslariga bo‘lgan talabning ortishi hamda ularning narxlarining ko‘tarilishi oziq-ovqat sanoatining energiya ko‘p sarflaydigan tarmoqlarida jiddiy muammolarni yuzaga keltirmoqda. Shu sababli energiya samaradorligini oshirish masalasi oziq-ovqat sanoati uchun strategik ahamiyat kasb etmoqda. Biroq, ushbu sohadagi ko‘plab ishlab chiqarish korxonalari real vaqt rejimida energiya monitoringi va nazorati sohasidagi zamonaviy texnologik yutuqlardan yetarlicha xabardor emas. So‘nggi yillarda “Internet narsalari” (IoT) konsepsiyasi ishlab chiqarish korxonalarida energiya iste’molini real vaqt rejimida kuzatish, ma’lumotlarni tahlil qilish va boshqarish uchun keng qo‘llanilmoqda. IoT tizimlari yordamida energiya sarfi haqidagi ma’lumotlarning shaffofligi oshirilib, ishlab chiqarish jarayonlarining energetik samaradorligi chuqur tahlil qilinadi. Ushbu maqolada oziq-ovqat ishlab chiqarish va qayta ishlash korxonalarida real vaqt ma’lumotlarini yig‘ish asosida energiya samaradorligini oshirish yo‘llari ko‘rib chiqilgan. Ichimliklar ishlab chiqaruvchi zavod misolida mahsulot energiya modeli asosida IoT texnologiyalariga asoslangan sensor tarmog‘ini joriy etish orqali energiya iste’molini kamaytirish va ishlab chiqarish jarayonlarini optimallashtirish bo‘yicha tahlillar va amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Zamonaviy global ishlab chiqarish sanoatida energiya sarfini kamaytirish orqali ishlab chiqarish tannarxini pasaytirish va karbon izini qisqartirish tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Turli ishlab chiqarish tarmoqlarida energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilayotgan bo‘lsa-da, bir qator aniq texnologik jarayonlarda, xususan, yuqori intensivlikdagi issiqlik jarayonlarida bu masalaga yetarlicha e’tibor qaratilmagan.
Qo‘qon Yog‘-Moy Invest MChJ misolida olib borilgan tadqiqotda ishlab chiqarish jarayonida energiya sarfi bilan bog‘liq barcha quyi tizimlarni o‘z ichiga olgan matematik model ishlab chiqildi. Ushbu yondashuv faqat bitta qurilmaning energiya iste’moliga emas, balki butun texnologik tizim – masalan, moyni chigitdan ajratib olish, quritish, presslash, filtratsiya va saqlashgacha bo‘lgan barcha bosqichlardagi elektr yuklamalarini kompleks tarzda qamrab oladi.
Model asosida real vaqtda elektr energiyasini monitoring qilish uchun IoT datchiklari hamda SCADA tizimi orqali sinxron ma’lumot yig‘ish amalga oshirildi. Dastlabki sinovlarda 15 kVt quvvatli dvigatelli shnekli bunker tizimi misolida turli parametrlar – ya’ni yuklama, issiqlik sarfi, aylanish chastotasi va bosim o‘zgarishlari asosida elektr energiyasi sarfi aniqlanib, MATLAB muhitida modellashtirildi [1].