Annotatsiya

Annotatsiya: Maqolada takomillashtirilgan elektr saralagich qurilmasining ish organi yuzasida chigit harakati dinamikasi va uning uzilish parametrlarini nazariy tadqiq etish natijalari keltirilgan. Tadqiqotda urug‘larga ta’sir etuvchi elektr maydon, og‘irlik, markazdan qochma va ishqalanish kuchlari tahlil qilinib, harakatning differensial tenglamalari tuzilgan. Nazariy tahlillar asosida turli massali chigitlarning ishchi yuzadagi sirpanish, birga harakatlanish va uzilish burchaklari aniqlangan. Olingan natijalar urug‘lik chigitni massasi bo‘yicha aniq fraksiyalarga ajratish va saralash jarayonining samaradorligini oshirish imkonini beradi.

Kirish. Ilmiy manbalardan ma’lumki, qishloq xo‘jalik ekinlari urug‘i sirpanish taxtasidan aylanayotgan ish organi yuzasiga kelib tushganda, ularning o‘zaro ta’siri natijasida, uch xil harakat kuzatiladi: urug‘ ish organidan sirpanib orqada qolib harakatlanadi (Vu<Vb), urug‘ ish organi bilan birga harakatlanadi (Vu=Vb) va urug‘ ish organidan sirpanib ilgarilab harakatlanadi (Vu>Vb). Bu jarayon aylanayotgan tsilindrik baraban [1], tojli elektr maydonida aylanayotgan tsilindrik baraban [2], zaryadlanib aylanayotgan dielektrik baraban [3] va qarama-qarshi ishorali elektrodlar o‘ralgan tsilindrik baraban [4] yuzasiga kelib tushgan urug‘lar uchun ko‘rib chiqilgan va o‘ziga xos spetsifik tomonlari mavjud. Biz tomondan taklif qilinayotgan takomillashtirilgan elektr saralagich qurilmasida elektr maydoni ishqalanish natijasida hamda qarama-qarshi ishorali elektrodlar orasida vujudga kelgani uchun [5], aylanayotgan ish organi yuzasiga kelib tushgan qishloq xo‘jalik ekinlari urug‘ining harakati yuqorida qayd qilingan jarayonlardan farq qiladi. Shuning uchun ishqalanish natijasida hamda qarama-qarshi ishorali elektrodlar orasida vujudga keladigan elektr maydoniga ega bo‘lgan ish organining yuzasiga kelib tushgan qishloq xo‘jalik ekinlari urug‘ining harakatini tadqiq etishda mana shu o‘ziga xoslik tomonlarini hisobga olish kerak. 

#Kalit so‘zlar: elektr saralagich #chigit #dinamika #uzilish burchagi #differentsial tenglama #elektr maydon kuchi #saralash #fraksiya.