Annotatsiya
Annotatsiya: Maqolada kombinatsiyalashgan (ishqalanish va qarama-qarshi ishorali elektrodlar yordamida hosil qilingan) elektr maydonli takomillashtirilgan saralagich qurilmasining texnologik ish jarayoni nazariy tadqiq etilgan. Tadqiqot davomida urug‘lik chigitga ta’sir etuvchi yig‘indi elektr maydon kuchi, markazdan qochma, og‘irlik va ishqalanish kuchlarining matematik modellari ishlab chiqilgan hamda urug‘ning ish organi yuzasidan uzilish burchagi ifodasi asoslangan. Nazariy tahlillar asosida massasi 100 mg dan kichik bo‘lgan sifatsiz chigitlarni ajratib olish uchun qurilmaning maqbul ish rejimlari (kuchlanish U=3500 V, baraban aylanish chastotasi n=50 min-1 )aniqlangan. Olingan natijalar urug‘likni massasi bo‘yicha aniq fraktsiyalarga ajratish va yuqori unuvchanlikka ega sara urug‘liklar olish imkonini beradi.
Kirish. Ilmiy manbalardan ma’lumki, elektr maydoni qishloq xo‘jalik ekinlari urug‘iga ularning barcha muhim fizik-mexanik xossalarini hisobga olgan holda yo‘naltirilgan elektr maydon kuchi bilan ta’sir ko‘rsatadi [1]. Natijada, qishloq xo‘jalik ekinlari urug‘i elektr maydonida barcha muhim fizik-mexanik xossalari, ya’ni massasi, zichligi, geometrik o‘lchamlari, elektr qarshiligi, dielektrik singdiruvchanligi va boshqa shunga o‘xshash muhim xossalari bo‘yicha saralanadi. Shuni hisobga olib, keyingi yillarda olib borilgan ilmiy-tadqiqot ishlari natijasida qishloq xo‘jalik ekinlari urug‘ini saralash texnologik samaradorligini yana ham oshirish uchun takomillashtirilgan, energiya va resurstejamkor elektr saralagich qurilmasi ishlab chiqildi [2]. Taklif qilinayotgan qurilmada elektr maydoni ikki xil sharoitda, ya’ni ikkita dielektrik materialni bir-biriga ishqalanishi natijasida hamda qarama-qarshi ishorali elektrodlar orasida vujudga keladi. Natijada, qishloq xo‘jalik ekinlari urug‘iga ishqalanish natijasida hamda qarama-qarshi ishorali elektrodlar orasida vujudga keladigan elektr maydoni ta’sirida hosil bo‘ladigan yig‘indi elektr maydon kuchi ta’sir etadi. Yig‘indi elektr maydon kuchi ta’sirida urug‘lar ish organining yuzasiga katta kuch bilan tortilib, ularni urug‘lik va texnik fraktsiyaga saralash aniqligi oshadi.